Olmaliq shahrida ona 8 yoshli bolasining barmoqlari va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib yoqdi. U buni farzandi ruxsatsiz uydagi shirinlikni yegani uchun jazolash maqsadida qilgan. Ayolga nisbatan jinoiy ish ochilib qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
23-dekabr kuni Bo‘stonliq tumanida 4 yoshli qiz onasining kaltaklashi oqibatida shifoxonaga yotqizilgandi. Bola 15 kun o‘tib tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Farg‘onada enaga zinadan yiqilib tushgan ikki yoshli qaramog‘idagi qizchani kasalxonaga olib bormadi. Bola og‘ir jarohat olgan. Xavf ostida qoldirish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Denov tumanida yupun kiyingan o‘quvchilar madaniyat bo‘limi topshirig‘i bilan sovuq ob-havoda ko‘prik ochilishiga jalb qilindi. Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha Madaniyat vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Maktab direktorlariga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llandi.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida ikki nafar fuqaro tegishli ruxsatnoma va hujjatlari bo‘lmay turib maktab va bog‘chalarda jami 900 ga yaqin bolaga Qizil kitobga kiritilgan bo‘g‘ma ilon tomoshasi o‘tkazgani aniqlandi. Ilon olib qo‘yildi, tekshiruv harakatlari boshlandi.
Surxondaryoda 17 yoshli yigit va 15 yoshli qizning go‘yoki farzandi borligi ko‘rsatilgan videoni Instagram sahifasiga joylagan bloger jarimaga tortildi. Yigit va qiz esa ogohlantirildi.
Jahon bolalar kuni munosabati bilan UNICEF, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va bolalar ombudsmani ozodlikdan mahrum etish o‘rniga maslahat, vositachilik va qo‘llab-quvvatlash kabi bolalarga mo‘ljallangan muqobil sudlov choralarini joriy etishga chaqirdi.
Bolalar ombudsmani Samarqandda guruhli jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan maktab o‘quvchisi bilan uchrashdi. Qizga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatila boshlandi. Jabrlanuvchining onasi OAVdan jinoyat tafsilotlarini e’lon qilmaslikni so‘radi.
UNICEF va bolalar ombudsmani O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar holati bo‘yicha yangi tahlil natijalarini taqdim etdi. Unda yutuqlar ham, muammolar ham, jumladan, tibbiyotni moliyalashtirishning yetishmasligi, ta’lim sifati, YTHlarda o‘lim darajasi yuqoriligi, to‘liq bo‘lmagan statistika va boshqalar tavsiflangan.
Toshkent shahridagi bog‘chada 6 yoshli bolaga ota-onasining ruxsatisiz ayollar kiyimini kiydirib, pardoz qildirgan va qizlarga xos raqsga tushirgan tarbiyachi ishdan olindi. Bolaning otasi bu o‘g‘lining qadr-qimmatini kamsitgan deb hisoblagan.
Qarshi shahrida “102”ga telefon qilgan ayol u bilan 3 yildan beri birga yashayotgan erkak uning 7 yoshli qiziga jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini qilgani haqida shikoyat qilgan. Ijtimoiy tarmoqda qizaloqning holat haqida kimgadir aytsa, erkak uni o‘ldiraman, deya qo‘rqitganini yig‘lab aytib bergan videosi tarqaldi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda 2 mingdan ortiq inson ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Bolalar ombudsmani ota-onalik huquqidan mahrum qilishga nimalar sabab bo‘lgani va bundan aziyat chekkan bolalarning keyingi taqdiri haqida so‘zladi.
Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabda 12 nafar o‘quvchi filtrlanmagan suv iste’moli oqibatida zaharlangani aytilmoqda. Ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilgan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Ellikqal’a tumanidagi maktabda 1-sinf o‘quvchisi onasi tomonidan kuch ishlatib majburan sinfdan olib ketildi. Vaziyat bolaning kim bilan yashashiga oid qarindoshlar o‘rtasidagi nizo oqibatida yuzaga kelgan.
Mirzaoboddagi xususiy bog‘chada 2 yoshli bola nafas yo‘llari berkilib qolishi oqibatida vafot etgandi. Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, bolada tug‘ilganida aniqlangan kamqonlik kasalligini davolash choralari ko‘rilmagan. Holat bo‘yicha tibbiyot birlashmasi, shifokorlik punkti va bog‘cha mas’ullariga jinoyat ishi ochildi.
Tug‘ilganidan beri davolanayotgan 7 oylik qiz O‘zbekiston bolalar ombudsmani ko‘magida Sankt-Peterburgdan shifokor hamrohligida olib kelindi. Uning ota-onasi aprel oyida yashash muddati tugagani sababli uyga qaytishgan. Xarajatlarni qoplashga o‘zbek diasporasi va tadbirkorlardan biri yordam berdi.
Qozog‘istonda amakisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 12 va 17 yoshli o‘zbekistonlik opa-singil vatanga qaytarildi. Qizlarning opasini ularga vasiy etib belgilash ishlari ketmoqda. Erkakka nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar sudga yuborildi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg, Moskva, Novosibirsk va Qozon shaharlarida qarovsiz qolib ketgan 31 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi bog‘chada 2 nafar tarbiyalanuvchi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. Tekshiruv ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida bog‘cha tarbiyachisi beodoblik qilgan bolani “tarbiyalash maqsadida” chizg‘ich bilan urgani aniqlandi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting